Umariy Amin

Umariy Amin
Адабиётшунос, Шоир, Ёзувчи
Таваллуд санаси:
1913 Yanvar 1
Вафот санаси:
1942 Noyabr 14

Shoir va dramaturg, nosir va tarjimon, o’zbek adabiyotining ko’zga ko’ringan vakillaridan biri Amin Umariy urush yillarida ham jonbozlik ko’rsatib, o’sha davrning jangovar ruhi bilan sug’orilgan she’riy to’plam yaratgan. U dramaturg sifatida dramalar yozdi. Nosir sifatida hikoya va ocherklar to’plamlarini e’lon qildi.

Biografiya

O’zbek adabiyotining ko’zga ko’ringan vakillaridan Amin Umariy 1913 yili Qo’qonda, xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. Otasi Umar aka eski maktablarda muallimlik qilgan. Onasi Nisobibi didli, zukko ayol hisoblangan. Shu sabab Amin Umariy oilada yaxshi tarbiya ko’rgan, xatli-savodli bo’lib voyaga yetgan. Uning bolaligi o’lkada inqilobiy ko’tarilishlar avjga minayotgan davrga to’g’ri kelgan. U o’rta maktabni tugatib, 1930 yilda Samarqand Pedakademiyasiga o’qishga kirib, uni 1935 yilda a’lo baholar bilan yakunlaydi. Bu yerda u H.Olimjon, Uyg’un, Oydin kabi iste’dodli adiblar bilan hamnafas bo’ladi. 1937 yilda Samarqanddan Toshkentga ko’chib keladi va shu yili O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinadi.

Shoir va dramaturg, nosir va tarjimon Amin Umariy ijodi avji qaynagan davrda - 1942 yil 14 noyabrda og’ir xastalik tufayli bevaqt vafot etadi.

Faoliyati

Shoirning maktab yillarida boshlangan ijodi xuddi shu davrga kelib gullay boshlaydi. Uning ilk she’ri «Salom, maktab!» 1930 yilda, «Yangroq sadolar» nomli birinchi to’plami esa 1932 yilda nashr etiladi. To’plamdagi ko’pgina she’rlarda o’sha davr uchun dolzarb bo’lgan mavzular yetakchilik qiladi. Jumladan, «Qaynayotgan tseximiz» she’rida sanoat mavzui, «Bolshevik homiysi»da paxtakor dehqon mehnati va «Zarbachi yerlar» she’rida ma’rifat mavzui o’z aksini topadi. 1933 yilga kelib Amin Umariyning «Davr tantanasi» nomli ikkinchi she’riy to’plami yuzaga keladi. Mazkur to’plamdagi she’rlar ancha puxta, mavzui jihatidan boy edi. Uning «Yoshlik» (1935) to’plami shoir ijodidagi ko’tarilishdan darak beradi. «Farzand» (1937), «Sadoqat» (1938), «Qo’shiqlar», «Ijod bog’ida» kabi to’plamlari ketma-ket yaratildi. Shoir bu yillarda Toshkent pedagogika institutida muallimlik qildi. «Guliston» jurnalida, O’zbekiston Davlat nashriyotida faollik ko’rsatdi, tarjimon va munaqqid sifatida qalam tebratdi.

Amin Umariy «She’rlar», «Bolalik qo’shiqlari», «Ovozim», «Quyosh jarchisi» (1939-1941) kabi to’plamlar yaratdi, bolalar shoiri sifatida «Bolalik qo’shiqlari» (1938) kitobini chop ettirdi.

Amin Umariy urush yillarida yana ham jonbozlik ko’rsatib, o’sha davrning jangovar ruhi bilan sug’orilgan «Qasamyod» (1942) she’riy to’plamini yaratdi. U dramaturg sifatida esa K.Yashin bilan birga «Hamza» (1941), Tuyg’un bilan birga «Qasos» dramalarini yozdi.

Nosir sifatida «Asad» (1932), «Qozon yo’lida» (1938), «Toshotar» (1939) kabi hikoya va ocherklar to’plamlarini e’lon qildi.

Манбаа: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/umariy_amin_