Yusuf Shomansur

Yusuf Shomansur
Шоир, Ёзувчи
Таваллуд санаси:
1936 yil
Вафот санаси:
1978 Dekabr 8

Iste’dodli shoir, romannavis, dramaturg, adabiyotshunos Yusuf Shomansur anchagina boy adabiy meros qoldirgan. U O‘zbekiston xalq shoiri G‘ayratiy boshchilik qilgan adabiy to‘garaklarda ijod sirlarini o‘rgandi. So‘ng Maqsud Shayxzodadek allomaning ma’ruzalari unga adabiy bilim va mahorat maktabi bo‘lib xizmat qildi.

Tarjimai hol

Shoirning kattalarga bag‘ishlangan ko‘pchilik she’rlarida xalqimizning zahmatli mehnati, mehnat azobidan qaddi dol bo‘lgan kishilarga hamdardlik bildiriladi, ko‘p hollarda sevishgan-sevilganlar baxti-yu, fojiasi qalamga olinadi, goho esa tabiat shaydosiga ham aylanadi.

Iste’dodli shoir Yusuf Shomansur 1936 yilda Toshkentda, ishchi oilasida tug‘ilgan. U bor-yo‘g‘i qirq ikki yil umr ko‘rgan, ammo anchagina boy adabiy meros qoldirgan. U o‘rta maktabni tugatib Toshkent Davlat pedagogika institutiga kirdi.

Uni 1960 yilda tugatdi. Undagi adabiyotga, xususan, she’riyatga bo‘lgan havas ancha erta uyg‘ongan bo‘lib, birinchi she’riy to‘plami 1957 yilda «Gorn sadolari» nomi bilan chop etilgan. Yusuf Shomansur maktab ko‘rgan shoirlardan edi.

U dastlab O‘zbekiston xalq shoiri G‘ayratiy boshchilik qilgan adabiy to‘garaklarda Erkin Vohidov, Xayriddin Saloh, To‘lqin kabi do‘stlari bilan ijod sirlarini o‘rgandi. So‘ng Maqsud Shayxzodadek allomaning ma’ruzalari unga adabiy bilim va mahorat maktabi bo‘lib xizmat qildi.

U 1978 yilning 8 dekabrida fojiali halok bo‘lgan.

Yusuf Shomansur yetuk shoir bo‘lishi bilan birga, romannavis sifatida ham qalam tebratgan. U «Qora marvarid» romanida neft yoqilg‘isi bunyodkorlarining fidoyi mehnati va zahmati haqidagi jiddiy mushohadalarni bayon qilgan.

Yusuf Shomansur umrining so‘nggi yillarida dramaturg sifatida ham qalam tebrata boshlagan. Bu boradagi birinchi mashqi «Yor qayrilib boqmadi» komediyasi bo‘ldi. Unda bosar-tusarini bilmagan, kibr-havoga berilgan ayrim yoshlarning axloqiy qiyofasi ustidan kulish ustuvorlik qiladi.

Faoliyati

1965-1967 yillarda Moskvadagi Oliy Adabiyot kursida o‘qidi. Uning «Mehringga to‘ymayman» (1962), «Oydan kelgan bolalar» (1964), «She’r dardida» (1965), «Akrom va makaron» (1966), «Qalam va umr» (1968), «Yuragim» (1970), «Tabassum» (1971), «Holva» (1972), «Qiziq-qiziq» (1975), «Dostonlar» (1977) kabi bir qator she’r, doston va ertaklardan tashkil topgan kitoblari bosilib chiqdi.

Bularning ayrimlari bolalarga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda beg‘ubor va pokiza yoshlar olami tasvir doirasiga tortiladi.

Uning vafotidan keyin nashr etilgan «Kulgiga ne yetsin» (1979), «Qo‘sh yurak» (1981), «Men o‘tqazmagan daraxt» (1986), «Qo‘zivoy» (1987) kabi to‘plamlari bu jihatdan e’tiborli, desa bo‘ladi.

Манбаа: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/yusuf_shomansur