Zafar Diyor

Zafar Diyor
Шоир, Ёзувчи
Таваллуд санаси:
1912 yil
Вафот санаси:
1946 Aprel 14

Zafar Diyor o‘zbek bolalar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biridir. Shoirning ijodiy faoliyati jurnalistika bilan chambarchas bog‘liqdir. U 1941 yildan to umrining oxirigacha respublika gazetalarida mas’ul kotib va bo‘lim mudiri vazifalarida ishlagan. Zafar Diyor mohir bolalar shoiri bo‘lishi bilan birga, bolalarning suyukli dramaturgi ham edi.

Tarjimai hol

Zafar Diyorning pesalarida bolalar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik ardoqlanadi. U adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi, tarjimon va nosir ham edi.

O‘zbek bolalar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Zafar Diyor 1912 yili Namangan viloyatining Chust tumanida, kambag‘al dehqon oilasida tug‘ildi. Avval eski maktabda, bolalar uyida ta’lim va tarbiya olgan bo‘lg‘usi shoir 1927 yilda Narimonov nomli O‘zbek erlar bilim yurtiga o‘qishga kirib, uni 1933 yilda a’lo baholar bilan tugatdi va o‘sha yerda adabiyot muallimi bo‘lib xizmat qildi. 1941 yilda esa Toshkent Davlat pedagogika institutini tugatdi.

Zafar Diyor 1946 yil 14 aprelda bevaqt vafot etdi.

Shoir ijodi garchi erta boshlangan va ko‘pgina she’rlari yoshlar gazetalari va «Yosh kuch», «Kolxozchi bolalar» kabi jurnallarda chop etilgan bo‘lsa ham, uning «Qo‘shiqlar» nomli birinchi she’riy to‘plami 1938 yilda nashr etiladi. Shoirning ijodiy faoliyati jurnalistika bilan chambarchas bog‘liqdir. U 1941 yildan to umrining oxirigacha respublika gazetalarida mas’ul kotib va bo‘lim mudiri vazifalarida ishlagan.
Faoliyati

Shoirning «Qo‘shiqlar» to‘plamidan so‘ng «Tantana» (1938), «She’rlar» (1939), «Bizning qurolimiz», «Bizning oila» (1942), «Sovg‘a» (1944) kabi she’riy to‘plamlari bosilgan.

Zafar Diyor Ikkinchi jahon urushi yillarida (1941-1945) rang-barang janrlarda samarali ijod qildi. Uning «Qurol bering menga ham!» she’ri H.Olimjonning «Qo‘lingga qurol ol!» asariga hamohang. Shuningdek, «Orzu», «Temurchilar maktubi», «Otam kelar yaqinda», «Tabassum», «To‘qqizinchi may» kabi she’rlari yoshlarni qahramonlik, vatanparvarlik va birodarlik ruhida tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi. Zafar Diyor mohir bolalar shoiri bo‘lishi bilan birga, bolalarning suyukli dramaturgi ham edi. Uning uch qismdan iborat «Baxtli yoshlik», «Uch og‘ayni» pesalarida bolalar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik ardoqlanadi. U adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi, tarjimon va nosir ham edi.

Shoirning vafotidan keyin «Kichkina bog‘bon haqida doston» (1947), «Chaman» (1948), «Gunafsha» (1952), «Asarlar» (1954), «Qanotli do‘stlar» (1958), «Suv bilan suhbat» kabi to‘plam va saylanmalari nashr etilgan

Манбаа: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/zafar_diyor